Tabiatni muhofaza qilish

Tabiatni muhofaza qilish  tabiat va uning boyliklaridan oqilona foydalanishga, tabiatni inson manfaatlarini koʻzlab ongli ravishda oʻzgartirishga, tabiat boyliklari va umuman tabiatni, uning goʻzalligi, musaffoligini saqlab qolishga va yanada boyitishga qaratilgan barcha tadbirlar majmuasi. Tabiatni muhofaza qilish tadbirlari majmuasiga davlatlar, xalqaro tashkilotlar, jamoat, ilmiy-texnik, ishlab chiqarish, iqtisodiy va maʼmuriy tashkilotlar, har bir odam tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar kiradi.

Hozirgi vaqtda inson yashab, toʻxtovsiz munosabatda boʻlib kelayotgan tabiiy muhit uzoq geologik davrlar (4,5–4,7 milliard yil) mobaynida bir qancha omillarning birgalikda taʼsirida, yaʼni Quyosh nuri, Yerning gravitatsiya kuchi, koʻlami, aylanma harakatlari, tektonik harakatlar, havo va suv qobiqlarining vujudga kelishi va oʻzgarishi, ekzogen jarayonlar taʼsiri, organik dunyoning paydo boʻlishi va taraqqiyoti taʼsirida tarkib topgan. Tabiiy muhitning holati oʻzaro taʼsir etib turuvchi koʻp omillarning murakkab majmuida tarkib topgan tabiiy muvozanatga bogʻliq. Chunki bir joyning iqlimi Quyosh nurining tushish burchagiga, yaʼni geografik kenglik, yer yuzasining tuzilishi, shamollar, okeanlarning uzoq yoki yaqinligi, oqimlari va boshqalarga; oʻsimliklar qoplami esa iqlim, yer yuzidagi togʻ jinslari, relyef, tuproqlarga bogʻliq. Bu tabiiy omillarning birontasida oʻzgarish roʻy bersa, tabiiy muvozanat buziladi, bu esa tabiiy muhitda oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Baʼzan, tabiatning biror komponentiga koʻrsatilgan arzimagan taʼsir hech kutilmagan katta oʻzgarishlarga, xususan, xavfli oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin.

Har qanday tirik mavjudot oʻz atrofini oʻrab turgan tabiiy muhit bilan oʻzaro taʼsirda boʻladi, undan oʻziga kerakli narsalarni oladi, shu muhitda moslashadi, muhit tarkibiga, undagi modda va energiyaning aylanma harakatiga maʼlum darajada oʻzgarish kiritadi. Yerning havo qobigʻidagi hozirgi gazlar tarkibi, miqdori, ayrim foydali qazilmalari, masalan, ohaktosh, toshkoʻmir, qoʻngʻir koʻmirning hosil boʻlishi, tuproq qoplamining tarkib topishi, rivojlanishi organizmlarning hayot faoliyati natijasidir. Organik dunyoning tabiiy muhit bilan oʻzaro taʼsiri biologik evolyutsiya jarayonida yangi turlarning paydo boʻlishi, raqib turlar sonining koʻpayishi yoki kamayishi va atrof muhitning oʻzgarishi natijasida oʻzgaradi.

Yerda odamning paydo boʻlishi organik dunyo bilan tabiiy muhit oʻrtasidagi oʻzaro munosabatni tubdan oʻzgartirib yubordi. Inson tabiatga mehnat qurollari vositasida yaylovlardan notoʻgʻri foydalanish oqibatida taʼsir koʻrsatadi. U oʻzining tabiat bilan boʻlgan oʻzaro taʼsiri usullarini takomillashtirib boradi. Natijada inson yashay oladigan hudud kengayadi, foydalaniladigan tabiiy elementlar soni va hajmi ortadi, binobarin, insonning tabiatga tazyiqi sifat jiqatidan ham, koʻlam jihatidan ham koʻpayadi. Inson oʻzi yashashi va faoliyat koʻrsatishi uchun tabiiy muhitdan tashqari yana sunʼiy muhitni ham bunyod etadi. Masalan, shaharlar, turar joy binolari, bogʻlar, suv omborlari, yoʻllar va boshqa Ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi, fan va texnikaning taraqqiy etishi bilan, tabiiy boyliklarning ahamiyati, ulardan foydalaniladigan sohalar, ularni ishlatish shakllari ham oʻzgarib boradi. Qadimda bir necha xil kimyoviy elementlardan foydalanilgan boʻlsa, hozirgi vaqtda mavjud barcha elementlardan foydalaniladi. Shu bilan birga koʻpchilik foydali qazilmalar tobora koʻproq qazib chiqarilmoqda. Insonning tabiatga taʼsiri kuchayishidan, antropogen landshaftlar koʻpaymoqda. Hayvonot va oʻsimlik olamidan rejasiz foydalanish yoki inson faoliyati bilan bogʻliq boshqa sabablar tufayli 16-asrning oxirlaridan 20-asrning 70yillarigacha umurtqali hayvonlarning 250 turi va kichik turlari butkul yoʻqolib ketdi. 80-yillarlardan boshlab xar yili oʻrtacha 1 ta hayvon turi va 50 ga yaqin oʻsimlik turi yoʻqolib bormoqda. Qush va sut emizuvchilarning 1000 dan ortiq turi yoʻqolib ketish arafasida turibdi. Yil davomida 1 milliard tonna yoqilgʻi yoqiladi, atmosferaga yuzlab million tonna azot oksidi, oltingugurt, uglerod, qurum, chang va boshqalar chiqariladi. Tuproq va suvlar sanoat va maishiy chiqindilar (bir necha milliard tonna), neft mahsulotlari (bir necha million tonna), mineral oʻgʻitlar (yuz million tonnaga yaqin), ogʻir metallar, radiaktiv chiqindilar bilan ifloslanadi.

Inson tabiiy sharoit va boyliklardan koʻp maqsadlarda foydalanadi. Bu esa ayni paytda, tabiatni tegishlicha muhofaza qilishni ham taqozo etadi. Bular: xoʻjalik, sogʻliqni saqlash va gigiyena, nafosat (estetik), turizm, ilmiy hamda tarbiyaviy maqsadga muvofiq foydalanish. Maqsadga muvofiq foydalanish deganda, tabiat boyliklaridan mamlakat yoki butun insoniyat manfaati yoʻlida foydalanish tushuniladi. Bunda hozirgi va kelajak avlodning manfaatlarini koʻzlab faoliyat yuritish nazarda tutiladi. Oʻz taraqqiyotini oldindan uzoq muddatga ilmiy asosda rejalashtira oladigan va tabiiy muvozanatni oʻzgartirmasdan foydalana oladigan jamiyatgina taraqqiyotga erishadi.

Tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishdan tabiatda roʻy beradigan jarayonlarning oʻzaro bogʻlikligi va rivojlanishi qonuniyatlari haqidagi bilimlar katta ahamiyatga ega. Busiz tabiiy jarayonlarga baho berish, ularni xisobga olish, tabiatga, tabiat komponentlariga koʻrsatilgan har qanday taʼsirning kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishini oldindan bilish mumkin emas. Inson tabiatdan foydalanganda va unga taʼsir koʻrsatayotganda bilishi va faoliyatida amal qilish zarur boʻlgan, asosan, 5 qonuniyat mavjud: 1) tabiatdagi barcha komponent va elementlar oʻzaro bir-birlari bilan bogʻlangan, oʻzaro taʼsir etib, muayyan muvozanatda boʻlib, uygʻunlik hosil qilgan. Biron komponent yoki element oʻzgarsa, butun tabiiy kompleksda oʻzgarish roʻy beradi; 2) tabiatda toʻxtovsiz modda va energiyaning aylanma harakati roʻy berib turadi. Bu xayot asosi; 3) tabiiy jarayonlarning rivojlanishida muayyan davriyliklar mavjud (sutkalik, yillik, 12 yillik, 33-35 yillik va koʻp yillik); 4) zonallik; 5) regionallik.

Insonning tabiat bilan oʻzaro taʼsiri jamiyat taraqqiyoti, ishlab chiqarish usullari mukammallasha borgan sari jadallashadi, tabiatdan, uning boyliklarini, qurilish va ishlab chiqarish teknikasi, aloqa vositalari yirik shaharlarni oʻzgartirib, yirik vohalar, madaniy landshaftlar yaratishga, hosildor ekin hamda mevalar, mahsuldor chorva mollari yetishtirishga imkon beradi. Lekin baʼzan chuqur oʻrganmasdan inson qudratiga ortiqcha baho berib, tabiatga taʼsir koʻrsatish tabiatni foydalanib boʻlmaydigan holatga, uning buzilishi va ifloslanishiga olib kelishi mumkin. Bunday manzara insoniyatning butun tarixi mobaynida kuzatiladi. Pekin 19-asrgacha insonning tabiatdan foydalanish koʻlami uncha katta boʻlmagani uchun inson faoliyatining tabiatga taʼsiri ham kamroq boʻlgan.

20-asrning 2-yarmida sanoat ishlab chiqarishning rivojlanishi, qishloq xoʻjaligida turli xil kimyoviy moddalarning koʻp qoʻllanilishi, katta maydonlarda muttasil bir xil ekinlarning yetishtirilishi, transport vositalarining ortiqcha koʻpayib ketishi, shaharlarning yiriklashib ketishi, tabiat muhofazasiga yetarlicha eʼtibor berilmaganligi tabiiy muhitning buzilishiga, ayrim joylarning ifloslanib ketishiga sabab boʻldi. Ayrim konchilik sanoati rayonlarida tabiiy muhit juda buzilib ketgan. Katta maydonlarni kon chiqindi jinslari egallagan, chuqur ochiq karyerlar yer osti suvi sathini pasaytirishi natijasida oʻsimlik qoplami qurib bormoqda. Rekultivatsiya ishlariga, xususan rivojlanayotgan mamlakatlarda yetarlicha eʼtibor berilmaydi. Hozirgi vaqtda Tabiatni muhofaza qilish muayyan oʻlka yoki mamlakat doirasidan chiqib, umumjahon muammosiga aylanib bormoqda. Yerning ozon pardasidagi oʻzgarishlar, dunyoda haroratning koʻtarilib borayotgani, qutbiy va togʻ muzliklarining qisqarib borayotgani ana shunday muammolardan. Ayniqsa, qayta tiklanmaydigan tabiiy boyliklarning kamayib borayotganligi va atrof tabiiy muhitning ifloslanayotgani bir qancha mamlakatlarda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini koʻrishga majbur etdi. Koʻpchilik rivojlangan mamlakatlarda oʻrmonlarni kesish cheklandi, yerdan kadastr asosida foydalaniladigan boʻldi, daryo va koʻllar suvlari tozalanib, baliqlarni koʻpaytirish boshlandi. Ovchilik tartibga solindi, qoʻriqxonalar, muhofaza qilinadigan hududlar koʻpaytirildi.

Biroq 20-asrning oʻrtalaridan boshlab zararli chiqindili ishlab chiqarish korxonalarining rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻchirila boshlangani bu mamlakatlarda atrof-muhitning ifloslanishiga sabab boʻlmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli tabiatni muhofaza qilishga yetarli mablagʻ ajratishga qodir emas. Tabiatni muhofaza qilish sohasida xalqaro qatʼiy hamkorlikning yoʻqligi ham tabiiy boyliklardan foydalanishda va tabiatni muhofaza qilishda yetarlicha samara bermayapti.

Hozirgi vaqtda tabiatni muhofaza qilishni taʼminlash masalalari nazariy jihatdan ishlab chiqilgan. Lekin bularni amalga oshirish juda katta mablagʻ sarflashni talab qiladi. Buning ustiga qirgʻin qurollarini ishlab chiqarish, ularni saqlash ham tabiiy muhitning ifloslanishiga olib keladi. Shu nuqtai nazardan qirgʻin qurollarni ishlashni taʼqiqlash, borlarini yoʻqotish ham tabiat muhofazasida katta ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonda 20-asrda, ayniqsa, uning 2-yarmida qishloq xoʻjaligida monokultura tizimining qoʻllanishi, gerbitsid va pestitsidlarning haddan tashqari koʻp ishlatilishi, mavjud suv zaxiralaridan notoʻgʻri foydalanish oqibatida atrofmuhit holatida katta salbiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Orol dengizi deyarli quridi, uning atrofida choʻllashish kuchayib ketdi, yer osti suvlari shoʻrligi darajasi oshdi. Inson salomatligi uchun zarur sharoit buzildi, kamqonlik, gepatit, zotiljam kabi kasalliklar koʻpaydi. Paxta monokulturasi taʼsirida boshqa hududlarda ham inson hayoti uchun zarur boʻlgan ekologik vaziyat yomonlashdi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, dastlabki kunlardan boshlab, tabiatni muhofaza qilishga, respublika hududini ekologik tanazzuldan muhofaza qilishga kirishdi. Tabiatni va uning komponentlarini muhofaza qilish toʻgʻrisida bir qancha qonunlar qabul qilindi. Bular „Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida“ (1992-yil 9-dekabr), „Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida“ (1993-yil 6-may), „Yer osti boyliklari toʻgʻrisida“ (1994-yil 23 sentabr; 2002-yil 12 dekabrda yangi tahrirdagi), „Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida“ (1996-yil 27-dekabr), „Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida“ va „Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida“ (1997-yil 26 dekabr), „Davlat kadastrlari toʻgʻrisida“ (2000-yil 15 dekabr), „Oʻrmon toʻgʻrisida“ (1999-yil 15-aprel), „Chiqindilar toʻgʻrisida“ (2000-yil 5-aprel)gi qonunlardir.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50, 54, 55 va 100-moddalarida tabiatni muhofaza qilishga oid normalar bayon etilgan. Konstitutsiyaning 11-bobining 50-moddasida „Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar“, deb koʻrsatilgan. 55-moddasida „Yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir. Ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir“, deyilgan. Mamlakatimizda „Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi“ tashkil qilingan (1996-yil 26 aprelda Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat koʻrsatadi). Qoʻmita quyidagi vazifalarni bajaradi: atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni qayta tiklash ustidan nazorat qilish; tabiatni muhofaza qilish faoliyatini tarmoklararo kompleks boshqarish; tabiatni muhofaza qilish hamda resurslarni tejash borasida yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish; atrofmuhitning ekologik holati qulay boʻlishini taʼminlash, ekologik vaziyatni boshqarish.

Oʻzbekiston tabiatni muhofaza qilish sohasida bir qancha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi va dasturlarda, jumladan, BMTning atrofmuhit boʻyicha dasturi (YUNEP)da ishtirok etadi. YUNEP va ayrim rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda Biologik xilma-xillikni saqlashning milliy strategiyasi va 10 dan ortiq milliy ekologik qonunlar ishlab chiqildi. 1993-yil mart oyida Qozogʻistonning Qiziloʻrda shahrida Oʻrta Osiyodagi 5 davlatning Oliy darajadagi uchrashuvida Orol dengizi muammolari boʻyicha Davlatlararo kengash va uning ijroiya qoʻmitasi hamda Orolni qutqarish xalqaro fondi tashkil etildi. Uning vazifasi Orol dengizi, uning sogʻlom ekologik sharoitini tiklash, mazkur regionni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, hudud sanitariyagigiyena muxitini yaxshilashdir.

Oʻzbekistonda 10 dan ortiq oʻrmon xoʻjaligi, 9 ta qoʻriqxona, 2 milliy bogʻ, bir qancha buyurtma qoʻriqxona mavjud. Ularda tabiat yodgorliklari, kamayib ketgan oʻsimlik va hayvonlar qoʻriqlanadi, oʻrganiladi va koʻpaytiriladi. Oʻzbekistonda tabiatni muhofaza qilish respublika jamiyati, 12 ta viloyat va Qoraqalpogʻiston jamiyati, Oʻzbekiston geografiya jamiyati, EKOSAN, bir qancha ilmiyommabop va ilmiy jurnallar, radio va televideniye vaqtli matbuot Tabiatni muhofaza qilish haqidagi bilimlarni targʻib qilmoqda. Aholi oʻrtasida tabiat, undan oqilona foydalanish va muhofaza qilish haqidagi bilimlarni targʻib qilish, aholining geografik, ekologik madaniyatini koʻtarish Tabiatni muhofaza qilishda katta ahamiyatga ega. Tabiatni, uning boyliklarini muhofaza qilish, geografik ekologiya oʻquv kurslari oʻrta maxsus va oliy yurtlarining tabiatshunoslik mutaxassisliklari talabalariga maxsus kurslar sifatida oʻqitilmoqda.

Manbalartahrir

Adabiyotlartahrir

  • Karimov I.A., Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka taxdid, barkarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997; Akramov 3. M., Rafikov A.A., Proshloye, nastoyasheye i budusheye Aralskogo morya, T., 1990; Nigʻmatov A.N., Oʻzbekiston Respublikasining ekologik huquqi, T., 2004; Rafikov A.A., Geoekologik muammolar, T., 1997; Toʻxtayev L., Hamidov A., Ekologiya asoslari va tabiatni muhofaza qilish, T., 1994; Gʻulomov P.N., Inson va tabiat, T., 1990.