Firma

Firma (inglizcha: firm — imzo) — korxona, kompaniya, xoʻjalik va tijorat tashkilotlarining umumiy nomi. Xodimlar soni, mulk shakllari, huquqiy holati va boshqalarga koʻra xilma-xil Firmalar bor. Firmalarda band boʻlgan xodimlar soni 2—3 kishidan 20—30 ming kishigacha boʻlishi mumkin. Firmalar barcha mulk turlari negizida davlat, kooperativ, shirkat, jamoa tashkilotlari va maxalliy davlat idoralari, milliy va chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tashkil etiladi. Ular quyidagi turlarga ajratiladi: affilirlangan (qoʻshilgan) Firma — filial, shoʻʼba korxona shaklida yirikroq turdosh bosh korxona tarkibida faoliyat yuritadi; broker Firma — tijorat maqsadlarini koʻzlaydigan va mijoz topshirigʻiga koʻra va uning hisobidan vositachi sifatida faoliyat yuritadi; venchur Firma — kichik yoki oʻrta investitsion Firma hisoblanib, ilmiy tadqiqotlar va muhandislik ishlanmalarini amalga oshiradi; investitsion Firma — investitsiyalash va qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq operatsiyalarni oʻtkazadi; injiniring Firma muhandislikmaslahat koʻrsatishga ixtisoslashadi; innovatsion Firma — Firmaning ilmiy tadqiqot ishlari natijalari bazasida yangi texnologiyalarni yaratish uchun barpo etiladi; konsalting Firma — uning faoliyat sohasini maslahat xizmatlari koʻrsatish tashkil etadi; ishlab chiqarish Firmasi — aniq bir mahsulotni tayyorlash bilan shugullanadi; savdo Firmasi — savdovositachilik faoliyati bilan shugʻullanadi; rieltor Firma — koʻchmas mulk sohasidagi amallarda qatnashadi.

Hozirgi iqtisodiy hayotda Firmalarning asosiy qismi nisbatan kichik va mayda. Yirik Firmalar nisbatan mustahkam ishlab chiqarish, texnologik va xom ashyo bazasiga ega boʻlib, xalqaro mehnat taqsimotida faol ishtirok etadi, oʻrtacha Firmalar kooperatsiyalangan hamda ixtisoslashgan qismlar va detallar ishlab chiqarish sohasida, shuningdek, umumiy texnologik va texnik infratuzilma sohasida faoliyat koʻrsatadi. Mayda Firmalar, asosan, tovarlar ishlab chiqarish va aholiga xizmat koʻrsatish bilan shugullanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida 236,4 mingga turli Firmalar faoliyat koʻrsatdi (2003).

Ahmadjon Oʻlmasov.

Yana q.tahrir